Jinoyat protsessining ajralmas qismi bo‘lgan sud ekspertizasi sohasiga tatbiq etilayotgan innovatsiyalar, mavjud ekspertiza turlarining xususiyati, shuningdek katta ilmiy va amaliy tajribaga ega ekspertlar faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markaziga Akademiya magistraturasi tinglovchilarining tashrifi tashkil etildi.
Tashrif davomida Akademiya tinglovchilari Hujjatlarning kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi, Sud ballistik va izshunoslik ekspertizasi laboratoriyasi, Materiallar, ashyolar, buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi, Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi, Sud fonografiya ekspertizasi laboratoriyasi va ulardagi zamonaviy texnik vositalar imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Mutaxassislar bilan bo‘lgan suhbat davomida sohaga oid dolzarb masalalar, ularni shakllantirishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan holatlar, ekspertiza xulosalarini baholash jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.
Markaz xodimlari magistratura tinglovchilarining qiziqtirgan savollariga javob berish barobarida kelgusida ham amaliyotga yo‘naltirilgan ushbu turdagi tashriflarni tashkil qilinishiga tayyor ekanini ma’lum qildilar.