Joriy yilning 11 aprel kuni Bosh prokuratura Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.02.2022 yildagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 83-son qarori ijrosi yuzasidan Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining “Samarali boshqaruv” yo‘nalishiga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Bosh prokuror o‘rinbosari, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining “Samarali boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha ekspertlar guruhi raisi E.T.Yuldashev yig‘ilish ishtirokchilarga murojaat etib, qaror bilan belgilangan dolzarb vazifalar haqida to‘xtaldi hamda ularning ijrosiga barcha mutasaddi idoralar bahamjihat harakat qilishlari muhimligini ta’kidlab o‘tdi.
Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari tomonidan, “Samarali boshqaruv” ekspert guruhining ishchi organi sifatida, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarga erishish bo‘yicha ishlarni to‘g‘ri tashkil etish, ko‘rsatkichlar (indikator)larga oid ma’lumotlarni to‘plash metodologiyasi, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan holatlar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, yuqoridagi qaror ijrosi yuzasidan vazirlik va idoralar mas’ul xodimlarining fikrlari eshitildi.
Muhokama yakuni bo‘yicha zarur vazifalar belgilab olindi.