Bosh prokuratura Akademiyasi doktorantlari va magistratura tinglovchilari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning bosh ofisiga tashrif buyurdi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil F.Eshmatova doktorantlar va tinglovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, murojaatlar bilan ishlash, qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Milliy preventiv mexanizm, so‘nggi yillarda Ombudsman faoliyatiga oid qabul qilingan qonun hujjatlari hamda ushbu institutning kelgusidagi strategik rejalari haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
Tadbir davomida doktorantlar va tinglovchilar inson huquqlarining kafolatlanishi borasidagi ayrim xalqaro institutlar faoliyati, normalar hamda milliy tajriba, shuningdek Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakili faoliyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv erkin muloqot shaklida, savol-javoblarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi. Akademiya doktorantlari va tinglovchilari inson huquqlarini himoya qilish yo‘lida amalga oshirayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.