Bosh prokuratura Akademiyasida “Fuqarolik ishlarini yuritishda yagona sud amaliyotini shakllantirish masalalari” mavzusida prokuratura tizimi xodimlari uchun vebinar o‘tkazildi.
Vebinarda Bosh prokuratura markaziy mahkamasining xodimlari, Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi va Advokatlar palatasining vakillari, Bosh prokuratura Akademiyasining professor-o‘qituvchilari, shuningdek joylardagi prokuratura organlarining soha bo‘yicha xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining sudyalari va advokatlar ishtirok etdi.
Mazkur tadbir fuqarolik sud ishlarini yuritish yo‘nalishida mavjud muammolar va tizimli kamchiliklarni aniqlash hamda amaldagi qonun hujjatlarini tatbiq etishda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish borasida tushuntirishlar va tavsiyalar berish maqsadida tashkil etildi.
Vebinarda nikohdan ajratish va boshqa turdagi oilaviy nizolar, reabilitatsiya qilingan shaxslarni ishga tiklash, shuningdek prokuror tomonidan fuqarolik sudiga da’vo arizalari (arizalar) kiritish tartibi, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasida ish yuritish, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud amaliyoti va uning fuqarolar konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini ta’minlashdagi ahamiyati kabi masalalar qizg‘in muhokama qilindi.
Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va fuqarolik sud ishlarini yuritishda yagona amaliyotni ta’minlash borasida o‘zaro fikr almashdilar.
Vebinar yakunida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish borasida takliflar berildi.