O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida Sud va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida ilmiy-tadqiqot konsortsiumi doirasida tashkil etilgan “Yuridik fan va huquqni qo'llash amaliyotining dolzarb muammolari” mavzusidagi ilmiy-amaliy videokonferensiyaning materiallari o'rin olgan 2 jildli to'plam nashrdan chiqdi.
Konferensiya ishida Bosh prokuratura Akademiyasi, Sudyalar oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Bojxona instituti, Davlat soliq qo'mitasining malaka oshirish markazi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining huquqshunos olimlari, doktorantlari, mustaqil izlanuvchilari va amaliyotchi-xodimlari faol ishtirok etgan edi.
To'plamning 1-jildida yuridik fanlarni rivojlantirishning dolzarb nazariy va tashkiliy-amaliy masalalari hamda yuridik fanlar bo'yicha tadqiqotlar natijalarini amaliyotda qo'llash muammolariga bag'ishlangan mamlakatimizning yetakchi huquqshunos olimlari va amaliyot xodimlarining ilmiy maqola va tezislari o'rin olgan.
Mazkur to'plamning 2-jildi “Yosh olimlar minbari” rukniga bag'ishlangan bo'lib, unda davlat-huquqiy, fuqarolik-huquqiy, jinoyat-huquqiy, xalqaro-huquqiy fanlar muammolariga bag'ishlangan mustaqil izlanuvchi, doktorant va boshqa yosh olimlarning maqola va tezislari kiritilgan.
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining rasmiy saytiga joylashtirilgan ushbu to'plamlar yuridik fanga daxldor bo'lgan barcha oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalari, shuningdek ushbu sohaga qiziquvchi kitobxonlar uchun ilmiy-amaliy qo'llanma sifatida xizmat qiladi.