Qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy xodimlar va tinglovchilarning stajirovkalarini tizimli ravishda tashkil etish borasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Mazkur vazifani samarali amalga oshirish maqsadida Akademiya tomonidan xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan bir qator memorandum va kelishuvlar imzolanib, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatildi va rivojlantirib kelinmoqda.
Jumaladan, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Akademiyasi bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum doirasida ushbu muassasaning 8 nafar doktorantlari Bosh prokuratura Akademiyasiga ilmiy stajirovka o‘tash uchun tashrif buyurdi.
Amaliyotni samarali tashkil etish maqsadida doktorantlar Akademiyaning tegishli kafedralariga biriktirilib, ilmiy salohiyat va katta amaliy tajribaga ega o‘qituvchilar ishtirokida ular uchun dissertatsiyalar doirasidagi faoliyatini davom ettirish, ilmiy kutubxonadan foydalanish va ilmiy maqolalar nashr ettirish, normativ-huquqiy, uslubiy va tahliliy tusdagi ma’lumotlar bilan almashish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Ilmiy stajirovka dasturida doktorantlarning Akademiyaning o‘quv va ilmiy jarayonlarida ishtirok etishi, huquqshunoslik va huquqni muhofaza qilish faoliyatining dolzarb masalalarini muhokama qilishga oid ilmiy-amaliy seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazish ham nazarda tutilgan.
Jumladan, kuni kecha “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirishning ayrim masalalari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi va Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish organlari Akademiyasi doktorantlari o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Konferensiya ilmiy munozaralarga boy tarzda o‘tib, yakunida jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish borasida bir qator takliflar ilgari surildi hamda konferensiya materiallarini to‘plam shaklida chop etilishi belgilab olindi.