Bosh prokuratura Akademiyasining faoliyati, xususan, magistratura yo‘nalishida amalga oshirilib kelinayotgan ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlari mamlakatimizning boshqa oliy ta’lim muassasalari tomonidan ijobiy baholanib, o‘zaro tajriba almashish borasida keng hamkorlik qilib kelinmoqda.
Xususan, o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumga muvofiq IIV Akademiyasi magistraturasi tinglovchilarining malakaviy amaliyoti doirasida Bosh prokuratura Akademiyasiga tanishuv tashrifi tashkil etildi.
Tadbir davomida Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori, professor M.M.Mamasiddiqov tomonidan Akademiyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, jumladan ilmiy xodimlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlar borasida bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Jumladan, Bosh prokuratura Akademiyasida tashkil etilgan magistraturaning unikal mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish tizimining joriy qilinganligi, nazariya va amaliyotning uyg‘unligi, xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari ekspertlarining ta’lim jarayoniga jalb qilinishi hamda talabalarning akademik mobillik dasturlari doirasida xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniyati mavjudligi IIV Akademiyasi tinglovchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv davomida tinglovchilardan kelib tushgan savollarga batafsil javoblar berildi.