Akademiyada Bosh prokurorning tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Bosh prokuratura Akademiyasida prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursiga qabul qilish tanlovini o‘tkazish tartibi”ga muvofiq saralab olingan 16 nafar prokuratura organlari xodimlari ishtirokida rahbar kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursi boshlandi.
Qayta tayyorlash kursining dasturi boshqaruv va menejment asoslarini tashkil etishning innovatsion shakllari va metodlarini o‘zlashtirishga, prokuror-tergov va tahliliy ishlarni yuritish, qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish yuzasidan kasbiy bilim hamda ko‘nikmalarni chuqurlashtirishga, tinglovchilarning yetakchilik fazilatlarini mustahkamlashga, ularda tegishli boshqaruv va kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan.
Ushbu qayta tayyorlash kursining dasturi ham mazmunan, ham ilmiy-metodik jihatdan yangicha yondashuvlar asosida, ilg‘or pedagogik
va axborot texnologiyalaridan, xorijiy innovatsion tajribalardan foydalangan holda tashkil etilgan.
O‘quv jarayoniga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimlari va boshqa tegishli sohalarning tajribali mutaxassislari jalb etilishi ko‘zda tutilgan.