O‘zbekiston va AQSH: korrupsiyaga qarshi kurashishda amaliy hamkorlik

O‘zbekiston va AQSH: korrupsiyaga qarshi kurashishda amaliy hamkorlik

Joriy yilning 20 aprelidan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuraturasi Akademiyasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar vakillaridan iborat delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi boshlandi. 
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad - AQSHning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat. 
Tashrifning dastlabki kuni delegatsiya a’zolari Massachusets shtati McDermott Will & Emery  yuridik firmasi hamkori Robert Kordi hamda AQSH huquqni muhofaza qiluvchi organlarida korrupsiyaga oid jinoyatlar tergovi jarayonlarini nazorat qilish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar - Sara Uolters  va Mark Shreyber bilan uchrashdi. 
Aytish joizki, McDermott Will & Emery Qo‘shma Shtatlardagi va butun dunyo bo‘ylab ko‘p qirrali biznes amaliyotiga ega eng yirik xalqaro yuridik firmalardan biri bo‘lib, uning advokatlari davlat va xususiy sektor, sanoat va moliyaviy biznesning keng doirasi manfaatlarini ifodalaydi.
Uchrashuvda mezbonlar tomonidan korrupsiyaga oid ishlarni ko‘rib chiqishning xususiyatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va korrupsiyaga oid tergov ishlarini nazorat qilish xususida foydali ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, muloqot davomida tomonlar korrupsiyaga  oid huquqbuzarliklar sonini kamaytirishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar sifatida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar, korrupsiyaga qarshi kurashda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan samarali choralar, shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalarining o‘rni yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar. 
Tashrif tafsilotlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berib boriladi