2020 yil 28 avgustda O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi hamda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markazi o'rtasida o'zaro hamkorlik to'g'risida memorandum imzolandi.
Ushbu tashabbus doirasida sotsiologik tadqiqotlar o'tkazish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, informatsion-tahliliy ishlarni hamkorlikda amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Xususan, sud-huquq sohasidagi islohotlarni amalga oshirish samaradorligini o'rganish yuzasidan sotsiologik va ijtimoiy-psixologik tadqiqotlarni birgalikda o'tkazish, Markaz mutaxassislarining Akademiyada o'tkaziladigan ilmiy izlanishlarda va o'quv mashg'ulotlarida ishtirok etishi, Akademiya professor-o'qituvchilarining Markaz tomonidan o'tkaziladigan tadqiqotlarni tahlil qilish
jarayonida ekspert sifatida jalb etilishi kabi hamkorlik shakllari nazarda tutilgan.
Ta'kidlash lozimki, Akademiya bilan “Ijtimoiy fikr” Markazi o'rtasida birgalikdagi tadbirlar o'tkazish borasida yaqin hamkorlik o'rnatilgan bo'lib, “Ijtimoiy fikr” Markazi xodimlari Akademiyaning xalqaro loyihalarni amalga oshirish guruhlari ishida faol ishtirok etib kelmoqdalar, Markaz sotsiologik tadqiqotlari materiallari Akademiya xodimlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy ishlarda muvaffaqiyatli qo'llanilmoqda.
Memorandumning imzolanishi ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishiga yangi kuch beradi.