2022 yil 26-27 may kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida Bosh prokuratura, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi.
Mazkur o‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturasi tizimidagi xodimlari uchun tashkil etildi.
O‘quv kursida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Kurs davomida qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning hamda mazkur konvensiya Fakultativ protokolining mazmun-mohiyati, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari hamla ularning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ifodalanishi, qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar va bu boradagi xalqaro tajriba kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan mazkur o‘quv kursi xalqaro standartlar va xalqaro tajriba borasidagi yangi ma’lumotlarni olish hamda mavjud bilimlarni yanada takomillashtirishga, qiynoqqa solishga qarshi kurashishni tashkil etishda xalqaro amaliyotning ijobiy jihatlarini o‘rganish bu sohadagi bilim va amaliy ko‘nikmalarni yanada oshirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.