O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–81-son Farmoni va “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-146-son qaroriga asosan prokuratura organlariga xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohalaridagi qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish vazifasi yuklatildi hamda Bosh prokuratura tashkiliy-shtat tuzilmasida tegishli boshqarma tashkil etildi.
Shu munosabat bilan, Bosh prokuratura Akademiyasi, Bosh prokuraturaning Xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohalaridagi qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamkorligida va Akademiyaning xalqaro hamkorlari ko‘magida maxsus malaka oshirish kursi ishlab chiqildi va tashkil etildi.
Kursning ochilishi va birinchi mashg‘ulotida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari S.Artikova ishtirok etib, tinglovchilarga kursning maqsadi va vazifalari, asosiy masalalar va yechimini kutayotgan muammolar borasida tushuntirishlar berdi.
Kurs doirasida tinglovchilarga milliy olimlar, ekspert va soha mutaxassislari tomonidan gender tengligini ta’minlash, “gender” tushunchasi va uning mazmun-mohiyati, ayol psixologiyasining o‘ziga xos xususiyatlari, sudlarda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning ayrim masalalari kabi qator mavzularda mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Mazkur o‘quv kursi kelgusida xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohalarida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati samaradorligining oshishiga xizmat qiladi.