Yuridik oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi

Yuridik oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi

Akademiya tomonidan mamlakatimizning yuridik oliy ta’lim muassasalari bilan, shu jumladan oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan eng iqtidorli va munosib bitiruvchilarni Akademiya magistraturasiga o‘qishga jalb qilish borasida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, 2022/2023 o‘quv yili uchun Akademiya magistraturasiga qabul e’lon qilinishi arafasida Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, shuningdek Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchilari bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Onlayn tarzda o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur oliy ta’lim muassasalarining 250 nafardan ortiq bitiruvchilari, Akademiya bitiruvchilar assotsiatsiyasi a’zolari, shuningdek Akademiya magistraturasi tinglovchilari ishtirok etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasi tinglovchilari uchun yaratilgan imkoniyatlar, mazkur ta’lim muassasasida o‘qish va ilmiy izlanishlar olib borishning afzalliklari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
   

Ishtirokchilarga kirish imtihonlarini tashkil etish va Akademiya magistraturasida ta’lim olish tartibi atroflicha tushuntirildi.

Shuningdek, Akademiya magistraturasi tinglovchilari o‘zlarining o‘qish davomidagi tajriba va taassurotlari bilan, xususan o‘quv jarayonining yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda xalqaro standartlar asosida kredit-modul tizimi bo‘yicha tashkil etilgani, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotidagi dolzarb mavzulardagi dissertatsiyalar doirasida ilmiy izlanishlar olib borish, shuningdek Akademiyaning hamkorlari bo‘lgan yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida akademik mobillik doirasida magistratura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish imkoniyati haqida o‘rtoqlashdilar.