Bosh prokuratura Akademiyasida ochiq eshiklar kuni

Bosh prokuratura Akademiyasida ochiq eshiklar kuni

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga 2022/2023 o‘quv yili uchun qabul boshlanishi munosabati bilan, shuningdek faoliyat ochiqligini ta’minlash maqsadida joriy yilning 10 iyun kuni Akademiyada Ochiq eshiklar kuni tadbiri tashkil etildi.

Mazkur tadbirga Toshkent shahridagi yuridik oliy ta’lim muassasalari: Toshkent davlat yuridik universiteti bitiruvchilari hamda bo‘lajak prokurorlar klubi a’zolari, Jahon iqtisodiyoti va Diplomatiya universitetining bitiruvchi talabalari va Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining bitiruvchilari hamda OAV vakillari taklif etildi.

Mehmonlarni prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasida ekskursiya tashkil etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etgan masofaviy ta’lim imkoniyatlari, shu jumladan zamonaviy o‘quv kontenti ishlab chiqiladigan multimedia studiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Akademiyaning maxsus poligonida ishtirokchilar tergov-kriminalistika taktikalari va metodikalarini amaliy qo‘llash imitatsiyasida, voqea joyini ko‘zdan kechirish va jinoyatni ochishga oid qiziqarli kvest musobaqasida, shuningdek konstitutsiyaviy islohotlar mavzusidagi viktorinada ishtirok etishdi, ushbu sinovda g‘olib bo‘lgan zukko va bilimdon yoshlarga kitoblar sovg‘a qilindi.

Shu bilan birga, ekskursiya davomida mehmonlar sud protsessi imitatsiyasi xonasi, kriminalistika xonasi, elektron tir va boshqa amaliy hamda vaziyatli mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun maxsus jihozlangan xonalar, shuningdek Akademiya o‘quv auditoriyalarida dars jarayonlarini kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi.

Yuridik ta’lim muassasasalari o‘quvchilarida Akademiya magistraturasining “Prokurorlik faoliyati”, “Tergov faoliyati”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish” hamda joriy o‘quv yilidan boshlab kiritilgan “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” o‘quv dasturlari katta qiziqish uyg‘otdi. Yoshlar Akademiya magistraturasiga kirish va tahsil olish tartibiga oid savollariga atroflicha javob olishdi.

Yosh avlod vakillari Akademiya faoliyatini raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish jarayonlariga oid ma’lumotga ega bo‘ldilar. 

Tadbirda mehmonlar shuningdek qiziqarli psixologik test sinovida qatnashdilar, shuningdek mobil kriminalistik avtolaboratoriya imkoniyatlari bilan tanishib oldilar.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida nashriyotlar taklif etilib, kitob yarmarkasi tashkil etildi.

Akademiyada ochiq eshiklar kuni o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib bo‘ldi, bunday tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazib kelinadi.