O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining 2022 yil 5 apreldagi bayoni tasdiqlangan Sog‘liqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da sog‘liqni saqlash xodimlari o‘rtasida korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyati va bilimini oshirish bo‘yicha amaliy tadbirlarni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.
Akademiya tomonidan vazirlik boshqarmalarining komplayens, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati 32 nafar xodimlari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali idoraviy chora-tadbirlar tashkil etilishini ta’minlash” mavzusida qisqa muddatli masofaviy malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Sog‘liqni saqlash tizimida bevosita korrupsiyani oldini olish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xodimlar 10 kunlik masofaviy kurslar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida komplayens-nazorat tizimining o‘rni va ahamiyati, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va uni oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish hamda korrupsiya uchun o‘rnatilgan javobgarlik kabi mavzularda o‘z bilim va malakalarini oshirishdi.
O‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi 165 ta tibbiyot muassasalari bosh shifokorlaridan iborat 4 guruh tinglovchilar uchun masofaviy malaka oshirish kursi o‘tkazilmoqda.