Akademiyada o‘tkazilayotgan “Prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash” kursi tinglovchilarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida sayyor dars mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi sayyor mashg‘ulot “Aholi bandligiga oid qonunlar ijrosi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirish masalalari” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazida tashkil etildi.
Mashg‘ulot davomida tinglovchilar “Ishga marhamat” monomarkazida ishsiz hamda aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatda turgan fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatish jarayoni va ularga yaratilgan sharoitlar bilan bevosita tanishdilar.
Shuningdek, Akademiya tinglovchilariga aholi bandligini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, qonunchilikka kiritilgan yangiliklar, amaliyotda mavjud tizimli muammolar va kamchiliklar, ularni hal etish yo‘llari yuzasidan tushuntirishlar berildi.