2022 yil 28 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Bosh prokuratura Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Sudyalar oliy maktabi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Bojxona instituti hamda Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha yaqinlashib kelayotgan referendumni o‘tkazuvchi komissiyalar faoliyatini ilmiy-uslubiy ta’minlash va samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish hamda referendum jarayoni ishtirokchilarining huquqiy bilimini oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ushbu kelishuvda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish va “Bir fuqaro – bir ovoz” tenglik tamoyilini amalda qo‘llashga e’tibor qaratilgan.
Yaqinlashib kelayotgan referendumni yuqori saviyada tashkil etish, umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar, ilg‘or milliy va xorijiy tajriba asosida o‘tkazish maqsadida referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining referendum qonunchiligi va xalqaro standartlar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash bo‘yicha seminar-treninglarni tizimli ravishda tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bosh prokuratura Akademiyasining professor-o‘qituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan boshqa muassasa va idoralar bilan birgalikda tashkiliy-metodik ishlarni amalga oshirish, maxsus o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqish, trenerlar tarkibini tayyorlash, seminar-treninglarini tashkil etish va o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mazkur Konseptsiyaning samarali amalga oshirilishi referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyalari a’zolari hamda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari boshqa ishtirokchilarining referendumga oid bilim hamda ko‘nikmalarini yuksaltirishga xizmat qiladi.