Sog‘liqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2022–2023 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ga asosan respublikadagi 43 ta shifoxona va poliklinikalar bosh shifokorlari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali idoraviy chora-tadbirlar tashkil etilishini ta’minlash” mavzusida navbatdagi qisqa muddatli masofaviy malaka oshirish kursi tamomlandi.
Mazkur kurs dasturi doirasida tibbiyot muassasalari rahbarlari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida komplayens-nazorat tizimining o‘rni va ahamiyati, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish hamda korrupsiya uchun o‘rnatilgan javobgarlik kabi mavzularda o‘z bilim va malakalarini oshirishdi.
O‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
Akademiya tomonidan tashkil etilgan masofaviy malaka oshirish kurslarida hozirgi kunga qadar Sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan 75 nafar mas’ul xodim malaka oshirib, 122 nafar rahbar xodim tahsil olib kelmoqda.