O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining 2022 yil 5 apreldagi bayoni bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasida vazirlik, tizimdagi tashkilotlar xodimlarini malaka va ko‘nikmalarini orttirish, ularda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish maqsadida maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.
Akademiya mazkur tadbirning ijrochisi sifatida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda vazirlik markaziy mahkamasi, hududiy boshqarmalari, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Farg‘ona politexnika instituti, Termiz muhandislik-texnologiya instituti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Andijon davlat universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali va boshqa oliy ta’lim muassasalarining korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘lgan xodimlari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali idoraviy chora-tadbirlar tashkil etilishini ta’minlash” mavzusida qisqa muddatli masofaviy malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Vazirlik, uning tizimidagi tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari xodimlari masofaviy o‘quv kursi davomida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va uni oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida komplayens-nazorat tizimining o‘rni va ahamiyati, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish hamda korrupsiya uchun o‘rnatilgan javobgarlik kabi mavzularda o‘z bilim va malakalarini oshirishdi.
O‘quv kursi yakunida ijobiy baholangan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
Hozirda Akademiya tomonidan vazirlik bilan hamkorlikda navbatdagi o‘qishga jalb etiladigan tinglovchilar kontingenti shakllantirilmoqda.