Akademiyada o‘tkazilayotgan prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursi doirasida tinglovchilarining nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida sayyor dars mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi sayyor o‘quv mashg‘uloti “Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish va amalga oshirish” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda AT “Agrobank” bilan birgalikda Fermerlar maktabida tashkil etildi.
Sayyor mashg‘ulot davomida tinglovchilar Fermerlar maktabida yosh fermer xo‘jaliklari rahbarlari, shuningdek O‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi mutaxassislar va boshqa xodimlarning qishloq xo‘jaligi sohasida bilimlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan o‘quv mashg‘ulotlari, tinglovchilarga yaratilgan imkoniyat hamda sharoitlar, olib borilayotgan o‘quv mashg‘ulotlari modullari bilan bevosita tanishdilar.
Shu bilan birga, maktab joylashgan hududdagi Toshkent davlat Agrar Universitetiga qarashli tajriba-sinov issiqxonalari, bog‘lar va baliqchilik ilmiy markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.
Mashg‘ulot davomida agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, ekinlarni ekish va yetishtirish borasidagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, imtiyozli kreditlar bilan ta’minlash, shuningdek ushbu yo‘nalishda qonunchilikka kiritilgan yangiliklar, amaliyotda mavjud tizimli muammolar va kamchiliklar, ularni hal etish yo‘llari hamda sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishning boshqa dolzarb masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.