Ilmiy salohiyatni oshirish yo‘lida

Ilmiy salohiyatni oshirish yo‘lida

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining ilmiy salohiyatini bosqichma-bosqich oshirib borish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Bosh prokuratura Akademiyasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi bilan idoralararo hamkorligi nafaqat o‘quv jarayoni, balki ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida ham tobora rivojlanib bormoqda.

Xususan, joriy yilning 12 sentabr kuni Bosh prokuraturasi Akademiyasining Ilmiy markazi boshlig‘i, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazining mustaqil izlanuvchisi L.X.Isoqovning “Migrantlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilish: qiyosiy-huquqiy tahlil” mavzusidagi 12.00.13 – Inson huquqlari ixtisosligi bo‘yicha yuridik fanlar doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadqiqot doirasida migrantlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishni takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Tadqiqot natijasida “Migratsiya huquqi” nomli darslikning ishlab chiqilishi orqali migratsiya huquqini alohida fan sohasi sifatida tadqiq qilish va uni o‘qitilishini tashkillashtirish migratsiya jarayonlarini huquqiy tartibga solish sohasida yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga xizmat qilishi asoslantirilgan. Shuningdek migrantlar uchun mo‘ljallangan va migratsiya sohasidagi 50 ga yaqin interaktiv davlat xizmatlarini yagona platformaga birlashtirgan “Musofir-madad” nomli innovatsion mahsulot ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi.

Muhokamalar natijalariga ko‘ra, mamlakatimizda inson huquqlari ixtisosligi bo‘yicha yagona sanaladigan Ilmiy kengash a’zolari tomonidan ushbu ilmiy ish bir ovozdan ijobiy baholanib, L.Isoqovning dissertatsiyasi tugallangan deb topildi va yuridik fanlar doktori (DSc) ilmiy darajasini berish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga hujjatlarni taqdim etish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Akademiya jamoasi L.Isoqovni dissertatsiyaning muvaffaqiyatli himoyasi bilan tabriklaydi va kelgusidagi ilmiy hamda kasbiy faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi.