Bosh prokuratura Akademiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda mualliflar jamoasi tomonidan fuqarolik protsessual huquqi fanining yetakchi olimlaridan biri, yu.f.d., professor M.M.Mamasiddiqovning umumiy tahriri ostida “Fuqarolik protsessual huquqi” darsligi tayyorlanib, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan nashr ettirildi.
Mazkur darslik O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022 yil 13 maydagi 166-sonli buyrug‘iga asosan chop etish uchun tavsiya etilgan. 2022 yil 10 avgust kuni nashrga ruxsat etilgan.
Darslik Davlat ta’lim standarti asosida tuzilgan “Fuqarolik protsessual huquqi fani dasturi”ga muvofiq hamda shaxsga yo‘naltirilgan, rivojlantiruvchi va mustaqil ta’lim olish texnologiyalari, tamoyillari va talablari asosida tayyorlangan. Unda fuqarolik protsessual huquqining umumiy va maxsus qismiga oid barcha masalalar batafsil ko‘rib chiqilgan.
Ushbu darslik nafaqat malaka oshirish muassasasi, oliy o‘quv yurti tinglovchilari va talabalari uchun, balki prokuratura xodimlari, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarning sudyalari, advokatlar, shuningdek, keng kitobxonlar ommasi uchun ham mo‘ljallangan.