Bosh prokuratura Akademiyasida Bosh prokuror tomonidan o‘quv jarayonini prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga oid belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning o‘rinbosarlari va yordamchilari ishtirokida “Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti va ularni ijro etish masalalari” mavzusida malaka oshirish kursi boshlandi.
Kurs dasturi doirasida prokuratura faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari, shuningdek ma’muriy sudlarda va jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy ishlarni sudlarda ko‘rilishida prokuror vakolatini ta’minlash hamda sud qarorlarini ijro etishda qonunchilikka rioya etilishi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirish masalalari qamrab olingan bo‘lib, tinglovchilarning mazkur yo‘nalishlardagi nazariy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan mashg‘ulotlardan tarkib topgan.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari sharoitida amaldagi qonunchilikka kiritilayotgan yangiliklar, sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishining zarurati, amaliyotda mavjud bo‘lgan muammolar va ularning yechimi bilan bog‘liq masalalar yoritiladi.
Tasdiqlangan dastur asosida o‘tkazilayotgan o‘qitishning masofaviy shaklida har o‘quv haftasining yakuni bo‘yicha tashkillashtirilishi nazarda tutilgan sinxron o‘quv mashg‘ulotlari davomida haftalik o‘zlashtirishni monitoring qilib borish bilan birga, amaldagi qonunchilik talablari hamda mavzu doirasidagi savollarga tushuntirish berish rejalashtirilgan.
Malaka oshirish kursining yakuniy bosqichida esa tinglovchilarning masofadan o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalari bevosita auditoriya mashg‘ulotlari jarayonida trening hamda o‘qitishning interfaol uslublaridan foydalangan holda, muammoli-vaziyatli holatlarni tahlil qilish va kazuslar yechimini topish vositasida mustahkamlanib, tinglovchilarning kurs dasturini o‘zlashtirish darajasi baholanadi.
Malaka oshirish kursi o‘quv dasturining o‘tkazilish tartibi hamda amaliy topshiriqlarni bajarish qoidalari yuzasidan tinglovchilarga videokonferensaloqa vositasida tushuntirishlar berildi. Tinglovchilarning Akademiya bilan uzluksiz aloqada bo‘lish imkoniyatlarini ta’minlash choralari ko‘rildi.