2022 yilning 21 sentyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida xalqaro ekspertlar ishtirokida “Jinoiy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokining dolzarb masalalari” mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Turkiya Adliya vazirligi, sud organlari, Adliya Akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar oliy maktabi va Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi va Turkiya Adliya Akademiyasi o‘rtasidagi prokuratura xodimlarining kasbiy salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi nizomini amalga oshirish doirasida tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash kafolatlari sohasida, jinoyat ishlarida yarashuv institutini qo‘llash doirasida, shaxs huquqlarining sud orqali himoya qilishda, qonunchilikni takomillashtirishda hamda yuqorida keltirilgan faoliyatlar bo‘yicha prokurorlarni kasbiy tayyorlashda Turkiya va O‘zbekiston tajribasini ko‘rib chiqdilar.
Tadbir konstruktiv ruhda o‘tkazildi, muhokama jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Ishtirokchilar bunday formatdagi tadbirlar sud-huquq sohasining dolzarb masalalari bo‘yicha jonli fikr almashish va muvaffaqiyatli xalqaro amaliyotni joriy etishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladilar.