Bosh prokuratura Akademiyasida 12-14 oktabr kunlari prokuratura organlari xodimlari ishtirokida 21 oktabr – o‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan “Til – millat ko‘zgusi” mavzusidagi tanlovning yakuniy bosqichi o‘tkazilmoqda.
Tanlov prokuratura organlari faoliyatida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish, davlat tilining nufuzini yanada yuksaltirish, shuningdek, xodimlarning nutq madaniyatini oshirish hamda davlat tilida ish yuritishga oid amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida “Tahliliy ish tanlovi”, “Savodxonlik tanlovi” va “She’rxonlik tanlovi” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
Tanlov barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqich Bosh prokuratura mahkamasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarda, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentida va Majburiy ijro byurosida tashkil etilib, unda jami 350 nafardan ziyod nomzodlar ishtirok etdi.
Tahliliy ish tanlovida nomzodlar oldindan e’lon qilingan kazuslardan birini tanlab tahliliy yechimlar ko‘rsatilgan ishni tayyorlab tanlov komissiyasiga taqdim etishdi. Savodxonlik tanlovi bo‘yicha nomzodlar o‘zbek adabiy tili me’yorlari va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tili doirasida test sinovi topshirdilar. She’rxonlik tanlovida esa, nomzodlar o‘zlari tanlagan she’riy matnni tanlov hay’ati a’zolari huzurida o‘qib eshittirdilar.
Uchta yo‘nalish bo‘yicha tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etgan 149 nafar nomzodlar tanlovni o‘tkazish bo‘yicha Hay’at va tanlov komissiyalari tavsiyasiga ko‘ra yakuniy bosqichda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tanlov natijalariga ko‘ra barcha yo‘nalishlar va nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlanadilar.