Bosh prokuratura Akademiyasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarma boshliqlari o'rinbosarlari uchun malaka oshirish kurslari boshlandi.
Mazkur kurslar Akademiyaning «ProAcademy» elektron axborot-ta'lim portali bazasida masofaviy ta'lim shaklida amalga oshirilmoqda.
O'quv kurslari dasturi jinoiy sxemalar va korrupsion qilmishlarni aniqlashda tizimli tahlil, surishtiruv va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, byudjet mablag'larini talon-toroj qilish, soliq va valyuta sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishni tashkil etish masalalarini qamrab olgan.
Kurs davomida rahbar kadrlarning boshqaruvni tashkil etishga oid ko'nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan rahbarning liderlik salohiyati, vaqtni unumli boshqarish, jamoada ijobiy muhitni va psixologik barqarorlikni ta'minlash bo'yicha mashg'ulotlar nazarda tutilgan.
Kursni o'tkazishni lozim darajada tashkil etish maqsadida tinglovchilarga ishdan ajralmagan holda kursni o'tash tartibi, amaliy topshiriqlarni bajarish qoidalari tanishtirilib, ularning Akademiya professor-o'qituvchilari bilan doimiy aloqada bo'lish imkoniyatlarini ta'minlash choralari ko'rildi.