2020 yil 15 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 avgustdagi “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4433-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasida “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutini yanada takomillashtirishning dolzarb muammolari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi mas’ul xodimlari, shuningdek Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura va IIV Akademiyalari professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va mustaqil izlanuvchilari ishtirok etishdi.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutini rivojlantirishda ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining o‘rni, ularning faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga doir bugungi kundagi muammolar va ularga yechimlar atroflicha muhokama qilindi.
Konferensiya yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasiga tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.