Bosh prokuratura Akademiyasida ijtimoiy-iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida faoliyat yurituvchi prokuratura organlari xodimlari uchun malaka oshirish kurslari o‘z nihoyasiga etdi.
Kurs aralash ta’lim formatida tashkil etilib, unda tinglovchilar ishdan ajralmagan holda masofaviy ta’lim oldilar hamda olingan bilimlarni mustahkamlash maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasida kunduzgi ta’lim tarzida o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdilar.
Kurs doirasida Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tinglovchilarga qonunchilikdagi yangiliklar, huquqni qo‘llash amaliyotidagi tizimli muammo va kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo‘llari hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda qonun hujjatlari ijrosi ustidan prokuror nazoratining yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Malaka oshirish kursi yakunida tinglovchilar tomonidan qonunchilik bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflarning muhokamasi tarzida yakuniy imtihon o‘tkazildi.