O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Akademiyasida PF-6034-son Farmonining mazmun-mohiyati mavzusida o'quv-amaliy seminari o'tkazildi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Akademiyasida PF-6034-son Farmonining mazmun-mohiyati mavzusida o'quv-amaliy seminari o'tkazildi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida joriy yilning 17 avgust kuni Bosh prokuraturaning markaziy mahkamasi xodimlari bilan hamkorlikda “O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi  PF-6034-son Farmonining mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan talablar” mavzusida o'quv seminari tashkillashtirildi.

Seminarda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning hamda tuman (shahar) prokuraturalarining sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishida faoliyat yuritayotgan xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirda Farmon bilan qonunchilikka kirib kelishi kutilayotgan yangiliklar atroflicha muhokama etildi.

Seminarda Davlatimiz rahbari huzurida 30 iyun kuni bo'lib o'tgan kengaytirilgan videoselektor yig'ilishining talablaridan kelib chiqqan xolda sud muhokamasi yakunlariga ko'ra sudlanuvchining aybsizligi ro'yi-rost ma'lum bo'lib qolgan taqdirda prokuror tomonidan ayblovdan voz kechilishi normalari yuzasidan alohida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek tadbir davomida fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy sud yo'nalishlarida kutilayotgan o'zgartirishlar bo'yicha ham tushuntirishlar berilib, fikr va mulohazalar bildirildi.

O'z navbatida, Bosh prokuratura markaziy mahkamasining xodimlari tomonidan sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishida kelgusida ishlarni tashkillashtirish borasida ham tushuntirishlar berib o'tildi.

Viloyat studiyalaridan hamda audioselektor orqali tadbirda ishtirok etgan quyi turuvchi prokuraturalar xodimlari ma'ruzalar yakuni bo'yicha o'tkazilgan munozaralarda faol ishtirok etdilar.

Tadbir yakuni bo'yicha mazkur Farmonning mazmun-mohiyati, undan kelib chiqadigan vazifalar hamda ijrosi bilan bog'liq masalalar yuzasidan muntazam ravishda o'quv seminarlarini tashkillashtirib borish choralari ko'rilishi haqida fikr bildirildi.