Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning prokuror va sudyalar tayyorlash bo‘yicha ta’lim muassasalari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning prokuror va sudyalar tayyorlash bo‘yicha ta’lim muassasalari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi

Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning sud-huquq ta’lim muassasalari o‘rtasida Turkiy sud-huquq ta’limi tarmog‘i to‘g‘risida anglashuv Memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari Sh.A. Aminov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi rahbariyati hamda mas’ul xodimlaridan iborat yurtimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.

Anglashuv Memorandumi Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligining Adliya akademiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokuraturasi ilmiy-ta’lim markazi, Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Odil sudlov akademiyasi, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Qirg‘iziston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Oliy sudlov maktabi, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Prokuratura va tergov xodimlarining malakasini oshirish markazi, Turkiya Adliya akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi tomonidan imzolandi.

Shuningdek, Vengriya adliya akademiyasi hamda Vengriya Bosh prokuraturasi vakillari mazkur hujjatni imzolash marosimida kuzatuvchi sifatida ishtirok etdilar.

Memorandum asosida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarda sudyalar va prokurorlar, sudyalik hamda prokurorlik lavozimlariga nomzodlar/yordamchilarga ta’lim beruvchi Turkiy sudlov akademiyalari va muassalardan iborat Turkiy sud-huquq ta’limi tarmog‘ini tuzish tashabbusini ilgari surdilar. Mazkur tarmoq sud-huquq sohasidagi ta’lim borasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va muvofiqlashtirishga ko‘maklashish maqsadida tuzildi.

Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va o‘n yil davomida amal qiladi.

Mazkur memorandum Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari tomonidan joriy yilning noyabr oyida imzolangan Samarqand deklaratsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlarining davomi bo‘lib xizmat qiladi.