G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmog‘ining (ARIN-WCA) Umumiy yillik yig‘ilishi o‘tkazildi

G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmog‘ining (ARIN-WCA) Umumiy yillik yig‘ilishi o‘tkazildi

Pokistonning Islomobod shahrida G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo noformal tarmog‘iga (ARIN-WCA) a’zo davlatlarning Umumiy yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Pokiston raisligida o‘tkazilib, Pokiston Milliy hisob byurosi (NAB) va Federal tergov agentligi (FIA) hamda Bosh prokuratura Akademiyasi – ARIN-WCA tarmog‘ining doimiy Kotibiyati vazifasini amalga oshirishi doirasida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.

Umumiy yillik yig‘ilish aralash (onlayn va an’anaviy) shaklda tashkil qilinib, unda 10 ga yaqin davlatdan 30 dan ortiq vakil, xususan, Ozarbayjon, Mongoliya, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, O‘zbekiston, Eron davlatlarining prokuratura, ichki ishlar, tashqi ishlar, adliya, moliyaviy razvedka, korrupsiyaga qarshi kurashish va tergov idoralarining mas’ul xodimlari, CARIN va ARINSA tarmoqlari kotibiyatlari vakillari hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ekspertlari ishtirok etishdi.

Tadbirda ARIN-WCA tarmog‘iga a’zo davlatlarning jinoiy aktivlarni qaytarish sohasida amalga oshirgan ishlari, tarmoqni samarali boshqarish va uning doirasida hamkorlikni kengaytirish masalalari, amaliyotdagi mavjud muammolarning muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan aktivlarni qaytarish sohasidagi ijobiy tajriba va amaliyot yuzasidan taqdimotlar amalga oshirildi.

Yig‘ilishni o‘tkazishdan asosiy maqsad 2022 yilda mazkur tarmoq doirasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, shuningdek jinoiy aktivlarni qaytarish borasida idoralararo xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish hisoblanadi.

Umumiy yillik yig‘ilish ishchan va informativ tarzda o‘tkazilib, ishtirokchilar aktivlarni qaytarish sohasida faol hamkorlik qilishga hamda ARIN-WCA tarmog‘ini kelgusida yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.