Ilmiy kadrlarning rivojlanish traektoriyasi

Ilmiy kadrlarning rivojlanish traektoriyasi

2020 yil 10 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida magistrlar uchun “Tayanch doktorantura va mustaqil izlanuvchilik institutlariga qabul qilish: talablari va tartibi”ga bag'ishlangan mahorat darsi bo'lib o'tdi.

Mazkur tadbirda Akademiyaning Huquqiy muammolarni ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiq qilish hamda ilmiy xodimlarni tayyorlash markazi boshlig'i yuridik fanlar doktori, professor M.Mamasiddiqov ma'ruza bilan ishtirok etdi.

Tadbirni o'tkazish davomida qayd etildiki, Bosh prokuratura Akademiyasi 12.00.07 – “Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura”, 12.00.09 – “Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi”, 12.00.08 – “Jinoyat huquqi, huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi”, 12.00.12 – Korrupsiya muammolari (yuridik fanlar)”, 12.00.03 – “Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq” hamda 12.00.05 – “Mehnat huquqi. Ijtimoiy ta'minot huquqi” ixtisosligi bo'yicha mustaqil izlanuvchilikka hujjatlar qabul qilinadi.

Mustaqil izlanuvchilikka talabgorlar http://phd.mininnovation.uz veb-sayti orqali ro'yxatdan o'tgach, Akademiyaning Huquqiy muammolarni ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiq qilish hamda ilmiy xodimlarni tayyorlash markaziga 2020 yilning 15 avgustiga qadar barcha zaruriy hujjatlarni taqdim etishlari tushuntirildi.

Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun mustaqil izlanuvchilikka magistr yoki oliy ma'lumot to'g'risidagi (ixtisoslik bo'yicha) diplomga, dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qiluvchi ilmiy maqolalarga ega bo'lganlar hamda kamida ikki yillik ilmiy-pedagogik ish staji yoki muayyan ilmiy yutuqlarga erishgan nomzodlar qabul qilinadi.

Onlayn rejimda o'tkazilgan mahorat darsida magistrlar o'zlarini qiziqtirgan boshqa savollariga batafsil javoblar oldilar.