Ixtiyoriy milliy hisobotni tayyorlash uchun tajriba almashish doirasida Mo‘g‘iliston va Tojikiston delegatsiyasining tashrifi

Ixtiyoriy milliy hisobotni tayyorlash uchun tajriba almashish doirasida Mo‘g‘iliston va Tojikiston delegatsiyasining tashrifi

2030-yilgacha Milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish borasidagi ixtiyoriy milliy hisobotni tayyorlash doirasida ESKATOning tajriba almashish (Twinning) dasturi koordinatori Keytlin Luiz Porter boshchiligidagi Mo‘g‘iliston va Tojikiston ekspertlarining Akademiyaga tashrifi amalga oshirildi.

Delegatsiya tarkibi BMTning hududiy koordinatorlari, Mo‘g‘iliston va Tojikiston davlatlarining tegishli vazirlik va idoralari, inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlari va fuqarolik jamiyati vakillaridan tashkil topdi.

Uchrashuv davomida Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari, “Samarali boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha ekspertlar guruhining masʼul kotibi tomonidan MBRMning 16-maqsadi yuzasidan ixtiyoriy milliy hisobotni tayyorlash doirasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 83-son qaroriga asosan mazkur guruhning faoliyatini muvofiqlashtirish borasidagi ishlar to‘g‘risida maʼlumot taqdim etildi.

Tadbir ishtirokchilari huquqbuzarliklarning viktimologik profilaktikasi yuzasidan o‘tkazilgan tadqiqotlar, gender tenglikni, inson huquqlarini taʼminlash, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, korrupsiya va noqonuniy moliyaviy oqimlarga qarshi kurashish borasidagi islohotlar, shuningdek statistik maʼlumotlarni to‘plash amaliyoti va BRM ko‘rsatkichlari metodologiyasi va indikatorlari bo‘yicha fikr va tajribalari bilan almashishib, o‘z takliflarini bildirishdi.