Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari tomonidan Namangan davlat universitetida “Huquqni muhofaza qilish sohasidagi oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir Akademiya tomonidan Namangan viloyat prokuraturasi va Namangan davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi. Davra suhbatida Akademiya, Namangan viloyat prokuraturasi xodimlari hamda Namangan davlat universiteti yuridik fakulteti professor-o‘qituvchilari, talabalari, magistrlari hamda tadqiqotchilari ishtirok etdilar.
Tadbir ishtirokchilariga oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti faoliyatiga oid qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash, Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishning ahamiyati va yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Akademiya mustaqil izlanuvchilari orasida prokuratura organlari xodimlari salmog‘i ortib borayotganligi, bu esa o‘z navbatida ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasiga xizmat qilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan davra suhbatida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.