O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan ta'lim jarayonining prokuratura organlari kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqligini ta'minlashga oid belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Bosh prokuratura Akademiyasida prokuratura organlarining sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishida xizmat faoliyatini olib borayotgan xodimlarning navbatdagi guruhi uchun modul tizimi asosida malaka oshirish kursi boshlandi.
Ushbu malaka oshirish kursi to'liq masofaviy ta'lim shaklida amalga oshirilib, mavzular qayta aloqa mexanizmi vositalari yordamida tinglovchilar ehtiyojlarini inobatga olgan holda tanlangan.
Kurs dasturi prokuratura faoliyatining umumiy masalalari, shuningdek jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy ishlari bo'yicha sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash masalalariga oid o'quv mashg'ulotlaridan tarkib topgan bo'lib, xodimlarning prokurorlik faoliyatining ushbu yo'nalishlaridagi nazariy bilim va amaliy ko'nikmalarini mustahkamlashga yo'naltirilgan.
O'quv mashg'ulotlari Akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan prokurorlik amaliyotiga oid dolzarb masalalar bo'yicha ishlab chiqilgan elektron shakldagi mul`timedia o'quv materiallari
asosida o'tkaziladi.
Malaka oshirish kursi o'quv dasturining o'tkazilish tartibi hamda amaliy topshiriqlarni bajarish qoidalari yuzasidan tinglovchilarga videokonferentsaloqa vositasida tushuntirishlar berildi. Tinglovchilarning Akademiya bilan uzluksiz aloqada bo'lish imkoniyatlarini ta'minlash choralari ko'rildi.