O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 9 aprel – Amir Temur tavalludiga 687 yil to‘lishi munosabati bilan “Sohibqiron Amir Temur – buyuk davlat arbobi, yuksak ma’naviyat sohibi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir huquqni muhofaza qilish sohasida yetuk malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etib, tadbir davomida Buyuk sarkarda Amir Temurning hayoti, siyosiy va ijtimoiy faoliyati, temuriylar davri davlatchiligi, boshqaruv tizimi, davlat tizimini mustahkamlash va boshqarishdagi tartib-intizom, qonunchilik va sud-huquq masalalari, fan, ta’lim va madaniyat, savdo-sotiq va hunarmandchilikni rivojlanishi, mamlakat himoyasini ta’minlash borasida amalga oshirgan ishlar, umuman o‘zbek milliy davlatchiligi taraqqiyotida temuriylar davrining o‘ziga xos xususiyatlari va ahamiyati haqida batafsil tushuncha berildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muxammad Ali bilan talabalar uchrashuvi tashkil etilib, uchrashuv doirasida talabalarga adibning Amir Temur davlatchiligi va temuriylar davri tarixiga oid asarlarining yaratilishi va mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida talabalarning adib asarlarida Amir Temur obrazining tadrijiy o‘sib borishi, uning xarakteridagi adolatparvarlik, halollik, mardlik va vatanparvarlik fazilatlari haqidagi tasavvurlari yanada ortdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Jamoat xavfsiziligi universiteti professori, t.f.n. Jumavoy Raximov Amir Temur tomonidan milliy yurisprudensiya sohasida tamal toshi qo‘yilishi, Temur tuzuklarining ijtimoiy va huquqiy tabiati, Amir Temurning dunyo sivilizatsiyasida tutgan o‘rni, uning tarixiy qaxramonliklari haqida, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori Adxambek Olimbekov badiy adabiyotlarda Amir Terur siymosi haqida batafsil ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari yu.f.d., professor Muzaffarjon Mamasiddiqov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori Oybek Sultonov prokuratura organlarida kadrlar ma’naviy dunyoqarashini oshirishda Amir Temurning ma’naviy merosi, xususan Temur tuzuklarining beqiyos tutgan o‘rni haqida batafsil to‘xtaldi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Temur tuzuklarining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida talabalar o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan she’rlar aytildi, asarlardan parchalar keltirildi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir talabalarning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish bilan bir qatorda ularda buyuk ajdodlarimizga bo‘lgan yuksak ehtirom tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.