Akademiya bakalavriatiga qabul jarayoni davom etmoqda. O‘qishga qabul qilish ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida tashkil etilgan.
Akademiya Call-markaziga bakalavriatga hujjat topshirishga doir ko‘plab savollar kelmoqda. Bu esa bitiruvchi o‘quvchilar orasida Akademiyaga qiziqish uyg‘onganligini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan, Akademiya faoliyati, uning imkoniyatlari hamda boshqa o‘quv muassasalaridan afzalliklari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni yetkazish, vujudga kelayotgan savollarga javob berish maqsadida 2023 yil 2 may kuni Akademiya vakillarining Mirobod tumanidagi 60 va 110-maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar Akademiya faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik, bakalavriatga hujjat topshirish tartibi, Akademiya bakalavriatida o‘qish jarayonini tashkil etishga doir masalalar bilan tanishdilar. Shuningdek, o‘quvchilar o‘zlari qiziqtirgan savollarga to‘liq javob oldilar.
Akademiya bakalavriatiga nomzodlarni jalb qilish, qabul jarayoniga doir savollarga javob berish maqsadida mazkur turdagi uchrashuvlar davom ettirilib, shuningdek Akademiyada ochiq eshiklar kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.