O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilib, jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz o‘quv tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bakalavriatning “Tergov faoliyati” hamda yurisprudensiyaning boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida yuridik kadrlarni tayyorlash joriy etildi.
Hozirda Akademiya bakalavriatiga qabul jarayoni davom etmoqda. O‘qishga qabul qilish ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida tashkil etilgan.
Akademiya Call-markaziga bakalavriatga hujjat topshirishga doir ko‘plab savollar kelmoqda. Bu esa bitiruvchi o‘quvchilar orasida Akademiyaga qiziqish uyg‘onganligini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan, 2023 yil 5 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi.
Shu kuni Akademiyaga Toshkent shahri maktablari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent Temurbeklar maktabi harbiy-akademik litseyi, Adliya vazirligi qoshidagi yuridik litsey o‘quvchilari, shuningdek, OAV vakillari tashrif buyurdilar.
Mehmonlarni tergov va prokuratura sohasi kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga ekskursiya tashkil etildi.
Tadbir davomida Akademiyaning maxsus poligonida ishtirokchilar tergov-kriminalistika taktikalari va metodikalarini amaliy qo‘llash imitatsiyasida, shuningdek voqea joyini ko‘zdan kechirish va jinoyatni ochishga oid qiziqarli kvest musobaqasida ishtirok etishdi, ushbu sinovda g‘olib bo‘lgan zukko va bilimdon yoshlarga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Shu bilan birga, ekskursiya davomida mehmonlar kriminalistika xonasi, elektron tir va boshqa amaliy hamda vaziyatli mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun maxsus jihozlangan xonalarni ko‘zdan kechirdilar.
Akademiyada tashkil etilgan respublikamizda birinchi DarkWeb kiberlaboratoriyasi, shuningdek tergov jarayonlarida poligraf (detektor) texnologiyalarini qo‘llash imkoniyatlari yoshlarda ayniqsa katta qiziqish uyg‘otdi.
Bitiruvchi sinf o‘quvchilari Akademiya bakalavriatining “Tergov faoliyati” va “Prokurorlik faoliyati” o‘quv dasturlari, bakalavriatga kirish va tahsil olish tartibiga oid savollariga atroflicha javob olishdi.
Tadbirda mehmonlar shuningdek mobil kriminalistik avtolaboratoriya imkoniyatlari bilan tanishib oldilar.
Akademiyada ochiq eshiklar kuni o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib bo‘ldi, bunday tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazib kelinadi.