O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish va ilmiy salohiyatni yuksaltirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Dissertatsiya tadqiqotlari ko‘lami sezilarli darajada kengaytirildi, Akademiya doktorant va mustaqil izlanuvchilari soni oshdi, innovatsion loyiha va dasturlarni amalga oshirish ishlari faollashtirildi.
Akademiya tashkil etilgan 2018 yilda atigi 4 nafar doktorant va 11 nafar mustaqil izlanuvchi qabul qilingan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ularning jami soni 153 nafarga yetgan. Mustaqil izlanuvchilardan 20 nafari va 24 nafar doktorantlardan 8 nafari dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan, qolgan 133 nafar mustaqil izlanuvchi va 16 nafar doktorant ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirib kelmoqda.
Mazkur faoliyatning muhim natijalari sifatida Akademiya professor-o‘qituvchilari ilmiy salohiyatini yuksaltirish borasidagi yutuqlarni ta’kidlab o‘tish lozim.
Xususan, yuridik fanlar doktori M.Aminjonova professor va yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori A.Komilov dots.nt ilmiy unvoniga ega bo‘ldilar.
Shu munosabat bilan, Akademiyada ilmiy unvon olgan professor-o‘qituvchilarga diplomlarni tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Akademiya jamoasi ilmiy sohada muvaffaqiyatga erishgan hamkasblarini samimiy muborakbod etib, kelgusidagi ilmiy va ta’lim faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaydi.