“Huquqni muhofaza qilish sohasida yuridik ta’lim va fan: zamonaviy tendensiyalar va istiqbollar” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va xorijiy davlatlar hamkor ta’lim muassasalari rahbarlarining bir qator uchrashuvlari tashkil qilindi.
Xususan, ikki tomonlama uchrashuvlar doirasida Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi rektori Marat Seksembayev, Moldova Respublikasi Adliya milliy instituti direktori Yekaterina Popa, shuningdek Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasi delegatsiyasi rahbari Almazbek Kiyazov bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikning yuqori darajada va o‘zaro manfaatli amalga oshirilishini qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha navbatdagi qadamlarni belgilab oldilar.