Huquqni muhofaza qilish akademiyasi professor-o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish, ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalar va metodikalarni joriy etish ishlari doirasida Toshkent davlat yuridik universitetining O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari D.Rajabov ishtirokida “O‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini keng joriy etish” mavzusida navbatdagi seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-treningda oliy ta’lim muassasalarida joriy etilgan kredit-modul tizimining mazmun-mohiyati, uning an’anaviy ta’lim tizimidan farqli jihatlari va o‘ziga xos xususiyatlari, kredit-modul tizimida professor-o‘qituvchilarga qo‘yiladigan talablar, fan dasturi (sillabus) va o‘quv kontentini ishlab chiqishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar, talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etish va o‘zlashtirishlarini baholash usullari haqida keng mazmunli ma’ruza qilindi.
Seminar-trening so‘ngida mavzu yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berildi.