O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan ilmiy-ijodiy tanlovlar g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi “Mamlakatimizda qonun ustuvorligi va prokuratura organlarining aholi bilan yanada yaqin hamkorligini ta’minlashda xodimlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–170-son qarori ijrosi ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan ushbu tanlovlar “Milliy nashrlarda chop etilgan eng yaxshi ilmiy maqola”, “Xorijiy ilmiy nashrlarda chop etilgan eng yaxshi ilmiy maqola”, “Eng yaxshi tahliliy ma’lumot” hamda “Eng faol huquq targ‘ibotchisi” kabi nominatsiyalardan iborat bo‘ldi.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan 50 ga yaqin prokuratura tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarning ilmiy maqolalari, tahliliy ma’lumotlari va olib borgan huquqiy targ‘ibot ishlariga oid ma’ruza, OAVdagi chiqishlari, hisobot va elektron targ‘ibot roliklari tanlovni o‘tkazish bo‘yicha hay’at tarkibi tomonidan chuqur tahlil qilinib, tanlov shartlari asosida baholandi.
Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad mamlakatimizda prokuratura organlari xodimlarining qonun ustuvorligini ta’minlashda ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan bo‘lib, tanlov hay’ati tarkibiga prokuratura tizimida katta tajribaga ega bo‘lgan amaliyotchi olimlar bilan birga mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan olimlarning ishtirok etganligi tanlov ishtirokchilarining hujjatlarini baholashda xolislikni ta’minlash va munosib nomzodlarni aniqlash imkonini berdi.