O'zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 mart kungi qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalariga binoan, davlat organlari xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga og'ishmay rioya etish davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlardan biri hisoblanadi.
Aynan ushbu mavzuga bag'ishlab, joriy yilning 10 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi bilan hamkorlikda amaliy seminar tashkil qilindi.
Tadbirda Biznes va boshqaruv oliy maktabi xodimlari va professor-o'qituvchilari, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Davlat test markazi, TIA “Milliy banki” vakillari ishtirok etdilar.
Seminarni o'tkazishdan maqsad davlat xizmatchilari va xo'jalik yurituvchi sub'ektlar mansabdor shaxslariga odob-axloq qoidalariga rioya etish, xizmatda manfaatlar to'qnashuvini oldini olish, shuningdek korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi yuzasidan qonunchilik talablarini tushuntirishdan iborat.
Interfaol shaklda o'tkazilgan tadbir jarayonida Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlari va professor-o'qituvchilari hamda taklif etilgan Akademiya professori Gregori Uedl (AQSH) tomonidan tadbir ishtirokchilari bilan hamkorlikda davlat xizmati tizimida va xo'jalik subektlari faoliyatida manfaatlar to'qnashuvi holatlarini oldini olish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Tadbir ishtirokchilari amaliy seminarning davlat xizmatchilari va xo'jalik yurituvchi sub'ektlar xodimlari o'rtasida odob-axloq qoidalari va manfaatlar to'qnashuvi holatlariga yo'l qo'ymaslikni ta'minlash maqsadida fikrlar va eng yaxshi tajribalarni almashish uchun muhim ahamiyat kasb etganligi e'tirof etildi.