«Yosh ekologlar» to‘garagi a’zolari tomonidan daraxt ekish aksiyasi o‘tkazildi

«Yosh ekologlar» to‘garagi a’zolari tomonidan daraxt ekish aksiyasi o‘tkazildi

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, o‘simlik dunyosini asrab-avaylash, chiqindilarning insonlar sog‘lig‘iga zararli ta’sirini oldini olish, sanitariya va ekologik holat sifatini oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Bu borada butun mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi respublikamiz hududida o‘simlik dunyosini ko‘paytirish, atmosfera havosini tozalash va chang-to‘zonlarni oldini olishda muhim o‘rin tutmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan yashillik darajasini oshirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha tadbirlarni tashkillashtirish, yoshlar o‘rtasida ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash, shu bilan birga ekologik harakatlarda talabalarning faol ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida «Yosh ekologlar» to‘garagi tashkil etilib, to‘garak a’zolari tomonidan qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, ushbu to‘garak a’zolari «Tabiatni asraylik» shiori ostida o‘tkazilgan daraxt ekish aksiyasida ishtirok etib, tadbir doirasida «Yosh ekologlar» tomonidan Yunusobod tumani «Sobirobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 50 dan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.