Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Toshkent shahrining barcha tumanlari xotin-qizlari uchun maxsus ishlangan dastur asosida “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusidagi o‘quv yig‘ini davom etmoqda.
Navbatdagi o‘quv yig‘inida Toshkent shahrining Olmazor, Bektemir va Mirzo Ulug‘bek tumanlaridan 50 nafardan ortiq xotin-qizlar ishtirok etishdi.
O‘quv yig‘ini dasturi yoshlarni psixologik ta’minlash, kasbga yo‘naltirish, bandlikka ko‘maklashish, huquqiy bilimlar berish, vatanparvarlik, Vatan taqdiriga daxldorlik, o‘z yurtiga va xalqiga muhabbat tuyg‘ularini singdirish, oila, farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik kabi fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan muhim maqsadlarni qamrab olgan.
Mashg‘ulotlar nafaqat Akademiyaning yuqori malakali mutaxassislari tomonidan, balki O‘zbekiston Respublikasida tanilgan psixologlar, pedagoglar, yuristlar va murabbiylar, xalqaro tashkilotlarning, xususan UNICEF ekspertlari va volontyorlari tomonidan interaktiv metodlarni qo‘llagan holda o‘tkazilmoqda. Bu o‘z navbatida kursning natijadorligiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.
O‘quv yig‘ini doirasida shuningdek har bir ishtirokchi xotin-qizning muammolari alohida o‘rganilib, ularining hal etishda ko‘maklashish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda.