Joriy yilning 8-12 oktyabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida professor-o'qituvchilar uchun “Loyiha boshqaruvi asoslari” mavzusida o'quv treningi bo'lib o'tdi.
Ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi agentligi qoshida faoliyat ko'rsatuvchi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv oliy maktabi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O'quv kursining maqsadi – xodimlarni loyiha boshqaruvi asoslariga o'rgatish hamda O'zbekiston Respublikasida tatbiq etilayotgan loyiha boshqaruvi tizimining tub mohiyatini ularga yetkazishdir. Treningni o'tkazish uchun Biznes va boshqaruv oliy maktabi mutaxassislari – Loyiha boshqaruvi kafedrasi mudiri B.Sadriddinov va kafedra dotsenti A.Ibragimovlar taklif etildi.
Trening doirasida ishtirokchilarga loyiha boshqaruvi tushunchasi hamda uning tashkilot faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi ahamiyatiga oid ma'lumotlarni taqdim etildi.
O'quv mashg'ulotlari davomida Akademiya professor-o'qituvchilar loyiha boshqaruvining asosiy tushunchalari, loyihalar, dasturlar va loyihalar portfelini ishlab chiqish, shuningdek loyiha jamoasi va uning manfaatdor ishtirokchilari bilan ishlashni tashkil etishning o'ziga xos xususiyatlari bilan tanishdilar.
Trening ishtirokchilari tomonidan ta'kidlanganidek, o'tkazilgan mashg'ulotlar xodimlar ish faoliyatida beqiyos mahsulot hisoblanuvchi loyihalarni ishlab chiqishni samarali tashkil etish, shuningdek jamoada ishlash va yuzaga keluvchi masalalar yuzasidan o'z vaqtida qarorlar qabul qilish ko'nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga xizmat qiladi.