Bosh prokuratura Akademiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 avgustdagi “O'zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan soliq va bojxona islohotlarini huquqiy qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5499-sonli Farmoni ijrosini ta'minlash masalalariga bag'ishlangan videokonferensaloqa rejimida navbatdagi o'quv seminari o'tkazildi.
Tadbirda Bosh prokuratura, Davlat soliq qo'mitasi, Davlat bojxona qo'mitasi xodimlari, shuningdek, soliq va bojxona sohalaridagi qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun mas'ul Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) prokurorlarining o'rinbosarlari ishtirok etdi.
Seminarda byudjetning daromad qismini oshirish, bojxona to'lovlarini yig'ishda zahira omillarni aniqlash, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirish, tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish, eksport-import shartnomalari ijrosini tahlil qilish, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalari o'tkazilishida valyuta qonunchiligiga qat'iy amal qilinishini ta'minlashning dolzarb masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbirda berilgan soliq va bojxona imtiyozlaridan maqsadli foydalanilishini monitoring va nazorat qilish, soliq va bojxona to'lovlarini to'lashdan bo'yin tovlash va ulardan qochish holatlarini oldini olish, mazkur sohada huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o'zaro hamkorlikni va axborot almashinuvini maqbullashtirish bo'yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.