Uchtepa tumanida “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusidagi o‘quv yig‘ini

Uchtepa tumanida “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusidagi o‘quv yig‘ini

 

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan xotin-qizlar uchun maxsus ishlangan dastur asosida tashkil etilgan “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusidagi o‘quv yig‘ini davom etmoqda.

Mazkur o‘quv yig‘ini doirasida poytaxtning barcha tumanlaridan 1 ming 500 nafardan ortiq yosh xotin-qizlarning qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Navbatdagi o‘quv yig‘ini Uchtepa tumanida tashkil etilib, unda Toshkent shahrining Uchtepa, Sergeli, Chilonzor va Olmazor tumanlaridan 150 nafardan ortiq xotin-qizlar ishtirok etishdi.

O‘quv yig‘ini dasturi yoshlarni psixologik ta’minlash, kasbga yo‘naltirish, bandlikka ko‘maklashish, huquqiy bilimlar berish, vatanparvarlik, Vatan taqdiriga daxldorlik, o‘z yurtiga va xalqiga muhabbat tuyg‘ularini singdirish, oila, farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik kabi fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan muhim maqsadlarni qamrab olgan.

Mashg‘ulotlar nafaqat Akademiyaning yuqori malakali mutaxassislari tomonidan, balki O‘zbekiston Respublikasida tanilgan psixologlar, pedagoglar, yuristlar va murabbiylar, xalqaro tashkilotlarning, xususan UNICEF ekspertlari va volontyorlari tomonidan interaktiv metodlarni qo‘llagan holda o‘tkazilmoqda. Bu o‘z navbatida kursning natijadorligiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.

O‘quv yig‘inida ishtirokchilarga yurtimizda yoshlar uchun kasb egallash, bilim olish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, xorijiy tillarni o‘rganish va boshqa yo‘nalishlarda davlatimiz tomonidan beriladigan imtiyozlar va imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi.

O‘quv yig‘ini doirasida shuningdek har bir ishtirokchi xotin-qizning muammolari anketa-so‘rovnoma asosida alohida o‘rganilib, ularining hal etishda ko‘maklashish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga qiziqarli va yoshlarga mo‘ljallangan badiiy kitoblar ham tarqatildi.

O‘quv yig‘inlari barcha tuman yoshlari bilan davom ettiriladi.