O‘zbekiston Respublikasi raqamli kriminalistika sohasida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda

O‘zbekiston Respublikasi raqamli kriminalistika sohasida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi negizidagi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining tashkil etilishi keng xalqaro e’tiborni o‘ziga qaratdi. Turli mamlakatlarning soha ekspertlari bu tashabbusni yuqori baholadilar.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Kriminalistika bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Ivan Aleksandrovich Strelsov:

- Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida muhim qadam bo‘ldi. Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi va ularning noqonuniy maqsadlarda ishlatilishi sharoitida, ushbu institut kiberjinoyatchilikka qarshi kurashning innovatsion usullarini ishlab chiqish va joriy etishda muhim o‘rin tutadi. Sizning tadqiqot va ishlanmalaringiz nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham raqamli kriminalistikaning rivojlanishiga muhim hissa qo‘shadi.

Belarus Respublikasi Tergov qo‘mitasi malaka oshirish instituti direktori Yuriy Kamenetskiy:

- O‘zbekiston Respublikasining raqamli kriminalistikani rivojlantirishga qaratilgan strategik e’tibori yuqori bahoga loyiq. Ushbu sohadagi ixtisoslashtirilgan institutning tashkil etilishi raqamli davrda milliy xavfsizlikni ta’minlashga kompleks yondashuvdan dalolat beradi. Ishonchim komilki, institutning ilmiy tadqiqotlari va amaliy ishlanmalari natijalari iqtisodiyot, ishlab chiqarish va jamiyat hayotining boshqa asosiy sohalarini kibertahdidlardan himoya qilish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qiladi.

Turkiya Adliya akademiyasi prezidenti Muxitdin O‘zdemir:

- Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining tashkil etilishi zamonaviy davr talablariga o‘z vaqtida berilgan javobdir. Global raqamlashtirish va kiberjinoyatchilik o‘sishi sharoitida keng ko‘lamli qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish birinchi darajali ahamiyat kasb etmoqda. Turkiya Adliya akademiyasi raqamli kriminalistika sohasida ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashish bo‘yicha faol hamkorlikka tayyor ekanligini bildiradi.

YEXHT politsiya faoliyati strategik masalalari bo‘limi boshlig‘i Sami Ryuxanen:

- Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti O‘zbekistonda Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining tashkil etilishini qutlaydi. Ushbu tashabbus YEXHTning xalqaro kiberjinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi. Biz ushbu institutni Markaziy Osiyoda raqamli xavfsizlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun potensial platforma sifatida ko‘rib chiqamiz va kiberjinoyatchilikka qarshi kurash salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyormiz.

 

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish orqali yana bir bor kiberjinoyatchilikdan holi jamiyat qurishga sodiqligini namoyish etdi, bu yerda innovatsion texnologiyalar, shaffoflik va samaradorlik huquqni muhofaza qilish faoliyatining tamal toshi hisoblanadi. Raqamli kriminalistika institutining tashkil etilishi bu qadriyatlarni to‘liq mujassam etadi va raqamli jinoyatlarga qarshi kurashda boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi.