O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari U.U.Nigmadjanov G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmog‘i (ARIN-WCA) Kotibiyatining vazifalarini amalga oshirishi doirasida Yevropaning CARIN tarmog‘i tomonidan Gaaga shahrida (Niderlandiya) tashkil etilgan jinoiy aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmoqlarning (ARIN) kotibiyatlari va raislik qiluvchi davlatlari vakillarining uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy tarkibi sifatida aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmoqlarning o‘rni va ahamiyatini e’tirof etishib, ushbu tarmoqlarning samaradorligini yanada oshirish, davlatlarning aktivlarni qaytarish sohasidagi aloqalarining muhimliligi, samarali hamkorlikni amalga oshirish va mavjud muammolarni birgalikda bartaraf etish maqsadida ishtirok etuvchi davlatlar doirasini kengaytirish, asosiy vazifa va yo‘nalishlarni belgilash, professional aloqalarni o‘rnatish va ularni yanada chuqurlashtirish, mazkur sohadagi yangi bilim va tajribalar bilan almashish kabi masalalarni muhokama qilishdi.
Uchrashuv doirasida ARIN-WCA nomidan, tarmoqning doimiy Kotibiyati (O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi) vakili tomonidan ARIN-WCAning faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va istiqbolli rejalar yuzasidan prezentatsiya qilindi. Tadbir ishtirokchilarida ayniqsa ARIN-WCA tomonidan tarmoqqa a’zo davlatlarning aktivlarni qaytarish bo‘yicha qonunchiligi va amaliyotini o‘zaro o‘rganish bo‘yicha olib borayotgan tashabbusi (Peer Review) katta qiziqish uyg‘otdi. ARIN tarmoqlari vakillari ARIN-WCAning ushbu ijobiy tajribasini o‘rganish va o‘zlarida ham ushbu jarayonni qo‘llash kerakligini taklif qilishdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan kelgusida muhokama qilinadigan muhim masalalar belgilab olindi, faol hamkorlik qilish va ARIN doirasida aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklari bildirildi.